Harbiy qismlardagi eng namunali boshlangʻich tashkilot yetakchilari aniqlanmoqda

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Harbiy qismlardagi eng namunali boshlangʻich tashkiloti” tanlovining Respublika bosqichi boʻlib oʻtmoqda. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 nafar ishtirokchila oʻzaro bahs olib boryapti. Tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad – boshlangʻich tashkilotlarning faoliyat samaradorligini oshirish, ilgʻor tajribalarini ommalashtirish, ular oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va sogʻlom raqobat muhitini yaratish, faol va iqtidorli hamda tashabbuskor yetakchilarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

  Ikki bosqichda tashkil etilgan tanlovning dastlabki (hududiy) bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida dekabr oyida oʻtkazildi. Ushbu bosqichda Ittifoqning hududiy Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruh boshlangʻich tashkilotlarga borgan holda, ularning faoliyatini oʻrganib, baholash mezonlari asosida saralab bordi. Baholash natijalariga koʻra eng yaxshi deb topilgan bitta boshlangʻich tashkilot tanlovning keyingi Respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich Respublika bosqichi hisoblanib, bu bosqich hududiy bosqichda gʻolib boʻlib, keyingi bosqichga tavsiya etilgan boshlangʻich tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralarning vakillaridan tuzilgan ishchi guruh (hakamlar hayʼati) tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarini baholab, mutlaq gʻoliblarni aniqlab beradi. 

—Baholash mezonlariga koʻra boshlangʻich tashkilot yetakchisining 2018-yil davomida amalga oshirgan ishlari 20 ballgacha,ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va maʼnaviy savodxonligi 30 ballgacha, notiqlik sanʼati va yoshlarni oʻz ortidan ergashtira olish qobiliyati 30 ballgacha va yetakchining tashabbuskorligi yaʼni yangi amalga oshiradigan loyihasining taqdimoti 20 ballgacha jami 100 ballik mezonda baholanadi, – deydi yetakchilar Kengashi raisi Sardorbek Abdusamadov. 

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Harbiy qismlardagi eng yaxshi boshlangʻich tashkiloti” tanlovining Respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari nomzodi “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni va boshqa davlat mukofotlariga tavsiya etiladi. 

—Bugungi tanlovda harbiy qismlardagi boshlang’ich tashkilot yetakchilari o’zaro bellashmoqda. Hakamlar hay’ati faoliyatimiz davomida ta’lim muassasalarida tashkil etgan tadbirlarimiz bilan alohida tanishib chiqmoqda. Jumladan, mahallalarda tashkil etgan musobaqalarimiz, umumumta’lim maktablarida mardlik va jasorat darslarimiz, harbiylar bilan uchrashuvlarimiz baholash mezonlari asosida baholanmoqda. Shuningdek, bugun har bir qatnashchi o’z loyihasini taqdim etib, o’zida mujassamlashtirgan notiqlik sanʼati va yoshlarni oʻz ortidan ergashtira olish qobiliyati hamda tashabbuskorligini namoyon etadi, – deydi Farg’ona viloyatidagi harbiy qism boshlang’ich tashkilot yetakchisi Ziyodulla Tillaxo’jayev.

Shaxnoza Nurullayeva