Ehtiyojmand oilalar farzandlarining uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli bolalar va ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi  joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi;

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini aniqlash tartibi boʻyicha nizom tasdiqlanishi mumkin.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

yoshi, qobiliyati va ixtisosliklariga koʻra ehtiyojmand oilalar farzandlari, shu jumladan ularning iqtidorli bolalari bazasini shakllantirish va doimiy yangilab borish;

ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar (takliflar) ishlab chiqish;

ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Toshkent shahri, tuman va shaharlar rahbarlarining ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hisobotlarini eshitish;

ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hududiy komissiyalar ishlarini muvofiqlashtirish.

Belgilab qoʻyilishicha:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunchilikda belgilangan tartibda iqtidorli bolalar, kam taʼminlangan va ijtimoiy ehtiyojmand oilalar ishsiz boquvchilarini tadbirkorlikka jalb etish, zaxiralangan ish oʻrinlariga joylashtirish hamda ularni kasbga qayta oʻqitish va malakasini oshirishga bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratish choralarini koʻradi;

Xalq taʼlimi vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy – amaliy tadqiqot markazi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi ijtimoiy ehtiyojmand oilalardagi muhitni oʻrganish, ularni ijtimoiy sogʻlomlashtirish, oilaning ijtimoiy va maʼnaviy barqarorligini taʼminlash, mamlakatimizda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi iqtidorli bolalar hamda ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning nogiron boʻlgan boquvchilarini oʻrnatilgan tartibda imtiyozli asosda davolash choralarini koʻradi;

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi iqtidorli kam taʼminlangan va ijtimoiy ehtiyojmand oilalarda tarbiyalanayotgan oʻquvchilarni maktab formasi va oʻqishi uchun zarur boʻlgan oʻquv qurollari bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish mablagʻlari, xayriya mablagʻlari va qonunchilikda taʼqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlaydi.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirishdan maqsad – iqtidorli oʻquvchilarni izlab topish hamda munosib ragʻbatlantirish, kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarda tarbiyalanayotgan oʻquvchilarning uzluksiz taʼlim olishiga koʻmaklashish, ushbu toifadagi yoshlarning toʻgʻri kasb tanlashi va kelajakda hayotini toʻgʻri qurilishiga yordamlashishdan iborat.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash mahalliy, hududiy va respublika komissiyalari tomonidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkiloti yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tavsiyasi asosida amalga oshiradi.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari har bir oʻquvchining oilaviy sharoiti, iqtidori va qiziqishidan kelib chiqqan holda individual tarzda amalga oshiriladi.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining taʼlim muassasasidagi boshlangʻich tashkiloti yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan mahalliy komissiyalarga yozma tavsiya bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ragʻbatlantirish uchun tavsiya qilinayotgan ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalari tomonidan qoʻlga kiritilgan yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar (olimpiadalar, koʻrik-tanlovlar hamda sport musobaqalarida gʻolib va sovrindorligini tasdiqlovchi diplomlar va boshqa shu kabi hujjatlar nusxasi (mavjud boʻlganda);

oʻquvchi va uning oila aʼzolari pasport va/yoki tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomasi nusxalari;

oʻquvchining oila aʼzolari I- va/yoki II-guruh nogironligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mavjud boʻlganda);

oʻquvchi oilasi boquvchisini yoʻqotganligi toʻgʻrisida hujjat nusxasi (mavjud boʻlganda).

Ragʻbatlantirish uchun tavsiya etuvchi organ komissiyaga taqdim etiladigan hujjatlarning ishonchliligi uchun javob beradi.

Komissiya tomonidan ragʻbatlantiriladigan moddiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini aniqlashda quyidagi ijtimoiy mezonlarga eʼtibor qaratiladi:

a) oʻquvchining oilasi koʻp bolaliligi (uch va undan ortiq bola mavjudligi);

b) oʻquvchining oila aʼzosi(lari) I- va/yoki II-guruh nogironligini boʻlgan shaxslarning mavjudligi;

v) yolgʻiz ona (ota) tomonidan ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan farzandlar tarbiyalayotgan oiladan ekanligi;

g) oʻquvchi tomonidan qoʻlga kiritilgan yutuqlar darajasi, ular qatnashgan tanlovlar, musobaqa va olimpiadalarning nufuzi, xalqaro maydonda tutgan oʻrni;

d) oʻquvchining jamoat ishlaridagi faolligi, shu jumladan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining quyi tuzilmalari faoliyatidagi ishtiroki (yozma tavsiyasi koʻrsatiladi).

Respublika, hududiy va mahalliy komissiyalar ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini uzluksiz taʼlim olishini ragʻbatlantirishda quyidagi asosiy tamoyillarga amal qilishlari kerak:

ijtimoiy adolatga soʻzsiz rioya qilish;

keng oshkoralik va ochiqlikni taʼminlash;

ehtiyojmand oilalar farzandlarini, shu jumladan ularning iqtidorli bolalarini ragʻbatlantirishni manzilli tarzda amalga oshirish yoʻli bilan shu maqsadlarga ajratilgan mablagʻlar, shuningdek boshqa vositalardan maqsadli va samarali foydalanish;

oila aʼzolarining moddiy farovonligi, bolalarni tarbiyalash, ularni har tomonlama jismoniy, aqliy va maʼnaviy-axloqiy kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maʼlumoti va kasb darajasini oshirish borasida oilaning masʼuliyatini kuchaytirish.

Respublika, hududiy va mahalliy komissiyalar tomonidan hujjatlar bir yilda ikki marotaba 30-iyul va 28-fevralgacha koʻrib chiqiladi.

 

Manba: kun.uz sayti