Ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi

Ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

  • Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar toʻgʻrisidagi;
  • Madaniyat vazirligi tizimidagi akademik litseylar toʻgʻrisidagi;
  • Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab-internatlar toʻgʻrisidagi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalarijoylardagi ish beruvchi tashkilotlar tomonidan mavjud kasblarga boʻlgan ehtiyoj va talablar asosida, shuningdek, oʻquvchilarning va ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi.

Mazkur taʼlim muassasalarida oʻqish oʻzbek, qoraqalpoq va rus tilida olib boriladi.

Sinflardagi oʻquvchilar soni 25–30 nafarni tashkil qilib, mutaxassislik fanlardan amaliy mashgʻulotlari kichik guruhlarga boʻlingan holda hamda yakka (individual) tartibda tashkil etiladi.

Nizom bilan ushbu taʼlim muassasalariga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi.

Shunga koʻra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga kirish uchun hujjatlar har yili 1–30 iyun kunlari qabul qilinadi.

Ijodiy sinovlar esa har yili 15–30 iyul kunlari oraligʻida oʻtkaziladi.

Nufuzli xalqaro (I, II, III oʻrinlar) va respublika (I oʻrin) miqyosidagi tanlovlar gʻoliblari belgilangan kvota doirasida imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilinadi.

Mazkur oʻquv dargohlari bitiruvchilariga oʻrta maxsus maʼlumot toʻgʻrisida diplom beriladi va ushbu hujjat bitiruvchilarga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.

Nizomga muvofiq, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi eng kam oylik ish haqining bir baravarinitashkil etadi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq Madaniyat vazirligi tizimidagi akademik litseylar, shuningdek Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab-internatlarga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi.