Yoshlarning muammolari oʻrganilmoqda

Nurota tumanida “Yoshlar – munosib mehnat va tashabbuskorlik” mavzuida xorijda ishlab yashash manzillariga qaytib kelgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Uchrashuvlardan ko'zlangan maqsad — xorijga chiqib ketish istagida boʻlgan, yashash manzillariga qaytib kelgan yoshlar bilan ishlash, ularning bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ishtirok etishini ragʻbatlantirish, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish hamda ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.

— Xorijda ishlab, yashash manzillariga qaytib kelgan yoshlar bilan ishlash, oʻz Vatanida mehnat qilishi uchun sharoitlar yaratish asosiy maqsadimiz, — deydi ittifoqning tuman kengashi bosh mutaxassisi Gulhayo Ravshanova. — Tadbirkorlikka keng jalb etish, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanib, yuqori daromad olish boʻyicha bilimlarini oshirish, munosib mehnat, salomatlik va gigiyena, diniy-maʼrifiy yoʻnalishlarda davlat va jamoat tashkilotlari bilan muloqot qilish imkoniyatlarini yaratishdan iboratdir.

Dastlab tumandagi “Oqmachit” hamda “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yigʻinidagi ana shunday yoshlar bilan uchrashuvda 19 nafar yosh bandlik, 8 nafar yosh tadbirkorlik, 3 nafar yosh mahallaga qayta roʻyxatga qoʻyish, 2 nafarining yangi pasport olish boʻyicha murojaatlari aniqlandi. Poʻlat Joʻraqulov hamda Firdavs Qayumovlarning “Oqmachit” mahallasida doimiy yashash uchun qayta roʻyxatga qoʻyish boʻyicha barcha hujjatlari shu zahoti tayyorlandi va hal etildi.

Boshqa murojaatlar ham oʻrganilib, tegishli amaliy yordam berish uchun mutasaddi tashkilotlar uchun yoʻnaltirildi.