Jizzaxda “Sayyor qabul”lar davom etmoqda

Аvval xabar qilganimizdek, Jizzax viloyatining barcha tuman va shaharlarida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisining “Sayyor qabul”lari boʻlib oʻtmoqda.

Viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan “Sayyor qabul” jarayonida koʻplab yoshlarning muammolari ijobiy hal etilib, ularning takliflari oʻrganilib, alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilyapti.

“Sayyor qabul” Mirzachoʻl, Doʻstlik, Sharof Rashidov tumanlarida ham oʻtkazildi.

— Yoshlar taqdiriga befarq qarab bo’lmaydi, — deydi Ittifoqning viloyat Kengashi Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash boʻlim mudiri Nargiza Hamidova. — Buning uchun barchamiz birdek masʼul boʻlishimiz va hamkorlikni yanada mustahkamlashimiz kerak.

— Mirzachoʻldagi “Ipak yoʻli” qishloq fuqarolar yig’inida yashayman. Mahalla guzarida kutubxona tashkil qilingan. Kutubxonadan 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan barcha kitobxonlar foydalanadi, - deydi Xurshida Chirmasheva. — Ayniqsa, qishloq yoshlarining qatnovi jadal. “Yosh kitobxon” tanlovini televizor orqali kuzatib boraman. Bu tanlovdan keyin yosh kitobxonlarimiz soni yanada oshdi. Faqatgina kitoblarimiz soni kam, yetarli emas. Bugun Yoshlar ittifoqiga kutubxona fondini boyitish uchun kitoblar soʻrab murojaat qildim. Viloyat Kengashi raisi murojaatimni ijobiy hal qilib, shu oy oxirida 15 nomdagi 150 dona kitoblar jamlanmasi ajratishga vaʼda berdi.