Samarqandda targʻibot oyligi davom etmoqda

Yurtimiz boʻylab oʻtayotgan “Vatanparvarlik oyligiʼʼ doirasidagi tadbirlar Samarqandda ham uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda.

Ittifoqning viloyat Kengashi hamda Samarqand shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarini tayyorlash markazi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida harbiy xizmatchilar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.

Shu bilan birga mamlakatimiz harbiylarini sharaflash va ularning sadoqatli xizmatlarini butun internet tarmogʻi boʻylab keng yoyish maqsadida #Uzarmy heshtagi ostida targʻibot ishlari amalga oshirishga kelishib olindi.

Shu kuni #Uzarmy heshtagining samarqandlik harbiylar tomonidan ilk suratlari muhrlanib, internet tarmogʻiga joylashtirildi.

Bundan tashqari, viloyatdagi barcha harbiy qismlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida “Vatanga xizmat – sharafli burch” shoiri ostida marafon oʻtkazildi. Marafon doirasida viloyat ahliga harbiy paradlar o'tkazilib, harbiy orkestr ijrosidagi Vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Harbiy qurol-aslahalar bilan tanishtirilishi harbiylarimizning oʻziga xos chiqishlariga ulanib ketdi. Bir soʻz bilan aytganda, oʻtkazilgan loyiha doirasida tashkil etilgan tadbirlar viloyat ahliga yuqori kayfiyat ulashdi.