“Mamlakatimizda saylov qonunchiligi: kecha va bugun” mavzusidagi vebinarda qanday masalalar koʻtarildi?

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Mamlakatimizda saylov qonunchiligi: kecha va bugun” mavzusida Respublika boʻyicha videoselektor shaklida seminar (vebinar) tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yakubov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent harbiy-texnik instituti dotsenti, y.f.n. Sherzod Zulfiqorov oʻz maʼruzalari bilan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi taʼlim muassasalarining boshlangʻich tashkiloti yetakchilari tinglovchi ishtirok etdi.

 

Vebinarda mamlakatimizda olib borilayotgan saylov qonunchiligi, uning tarixi va istiqbollari, shuningdek joriy yilning yakunida oʻtkazilishi rejalashtirilgan saylovlarda yoshlarning oʻrni va roli borasida fikr-mulohazalar yuritildi.

 

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev kirish soʻzi bilan vebinarni ochib berib, siyosiy islohotlarda faol ishtirok etishda yoshlarning oʻrnini oshirish va unga innovatsion yondashish orqali yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini yuksaltirish Yoshlar ittifoqining asosiy maqsadi ekanligini taʼkidladi.

 

Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq Oʻzbekistonda izchil amalga oshirilayotgan, jumladan, saylov erkinligini taʼminlash va saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish boʻyicha Konstitutsiyamizda kafolatlangan huquqlarini mustahkamlash yuzasidan mutaxassislarning fikrlari bilan tanishdi.

 

Onlayn seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi Shuhrat Yakubov oʻzining “Mamlakatimizda mustaqillik yillarida saylov qonunchiligi yuzasidan olib borilgan islohotlar, istiqboldagi rejalar” mavzusidagi maʼruzasida yurtimizda saylov tizimini takomillashtirish jarayoniga aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratilayotganligini yoshlarimizning siyosiy va fuqarolik faolligini kuchaytirishga, yigit va qizlarimizda mamlakat va xalq taqdiriga daxldorlik hissini oshirishga xizmat qilishi toʻgʻrisida fikr bildirib, saylov jarayonining shakllanishi, mavjud muammolar, saylov qonunchiligidagi yangiliklarga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, saylovchilarning elektron baʼzasi yaratilishi va unda 18 yoshga toʻlgan, saylash huquqiga ega fuqarolarning roʻyxati shakllantirilishi oʻz navbatida maʼlumotlarning aniq va toʻliqligini taʼminlashini qayd etdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent harbiy-texnik instituti dotsenti, yu.f.n. Sherzod Zulfiqorov oʻz maʼruzasida bugungi kunda saylov qonunchiligi, xalqaro tajriba va unda yoshlar faolligining ahamiyati masalalarini keng yoritib berdi. Mavzuga doir savol-javoblarda Respublika siyosiy – huquqiy ishlar yoʻnalishi yetakchisi Jahongir Fatxiddinov Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlarining bevosita deputatlik saylovlariga oʻz nomzodini qoʻyishi bekor qilinayotganligi va bu orqali deputat boʻlganlar masalasiga oid savol bilan yuzlandi. Shuhrat Yakubov bunga javoban, 2019-yilda ularning vakolati tugashi va keyingi saylovlarda yangi chiqqan huquqiy meʼyorlar asosida ish koʻrilishini maʼlum qildi.

 

Respublika sport-sogʻlomlashtirish yetakchisi Baxtiyor Xayrullayevning Ekologik harakat deputatlari bilan bogʻliq savoliga javoban Sherzod Zulfiqorov Ekologik harakatning 1-Qurultoyi boʻlib oʻtganligi va uning ham beshinchi siyosiy partiya sifatida shakllantirilayotganligi haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Shaxnoza Nurullayeva