Jizzaxda Sardorlar forumi oʻtkazildi

30-noyabr kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi, viloyat “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan “Sardorlar forumi” hamda Sardorlar Kengashi uchun oʻquv-seminar tashkil etildi. Unda viloyat, tuman-shahar Sardorlar Kengashining 234 nafar sardorlari ishtirok etishdi.

Tadbirning tantanali qismida Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Dilmurod Xudoyshukurov hamda “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Shohida Damanova ishtirokchilarni qutladi.

Shundan soʻng, viloyat Sardorlar Kengashiga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboyevning ishonch yorligʻi topshirildi. Tuman va shahar Sardorlar Kengashi esa viloyat Kengashi raisi Dilmurod Xudoyshukurovning ishonch yorligʻi bilan taqdirlandi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, bugun mamlakatimizda har jihatdan barkamol, bilim choʻqqilarini zabd etgan, iymoni butun, irodasi baquvvat navqiron avlod voyaga yetmoqda. Ularning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, isteʼdodini namoyon qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining taʼsis etilgani yurtimiz yoshlariga boʻlgan yuksak ishonch, eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasi boʻldi. Oʻgʻil-qizlarni ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning uchqun olayotgan shijoati, gʻayrati, isteʼdodini qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining bosh maqsadlaridan biridir.

Tadbirda 5 – 8-noyabr kunlari Fargʻona viloyatida boʻlib oʻtgan Respublika Sardorlar saylovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yaxshi natijalarni qoʻlga kiritgan viloyat “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari taqdirlandi. “Ittifoq” sardori Diyorjon Tojiyev saylovda sardorlarning eng koʻp ovoziga ega boʻldi, “Kamalak” sardori Dilshod Sharofov ham eng koʻp ovoz toʻplab, Respublika “Kamalak” sardori boʻldi.

Tadbirda joriy yilda tuman, viloyat va respublika miqyosidagi tanlovlarda faol ishtirok etgan sardorlar va ularning ota-onalari tashakkurnoma va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Sardorlar Kengashi aʼzolari uchun tashkil etilgan oʻquv-seminarda tuman-shahar Sardorlarining vazifasi, maktab sardorlari bilan ishlash yoʻnalishlari haqida tushunchalar berildi. Sardorlar 2019-yil uchun ish rejasini tuzib, tasdiqlashdi.