Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

Kecha Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

2003-yildan boshlab “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan yoshlar soni 551 nafarni tashkil etdi.

Joriy yilda ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sanʼat, jurnalistika, sport, qishloq xoʻjaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 41 nafar yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

– “Oʻzbekiston belgisi” bu nafaqat mening yutugʻim, balki, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning yutugʻidir, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi Akmal Jumaboyev. – Kelgusida “Oʻzbekiston belgisi” ko‘krak nishonini jamoamdagi barcha xodimlar qoʻlga kiritishlariga ishonchim komil. Bu mukofot menga mashaqqatli davrlarni unutib, yana oldinga ildam qadam bosish uchun turtki boʻldi. Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilishdan toʻxtamayman.

Sogʻlom fikrli yoshlarni oʻz atrofida birlashtirish, ularni har tomonlama moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muhim oʻrin tutmoqda. Mamlakatimiz yoshlari uchun faxrli mukofotlardan biri boʻlgan “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonining tashkilot tomonidan topshirilishi oʻz bilimi va isteʼdodi, mehnatsevarligi hamda fidoyiligi bilan namuna koʻrsatayotgan yoshlarni ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda.