Jizzaxlik o‘quvchi yoshlar “Mega sport” loyihasida bellashishdi

Yurtimizda sportga boʻlgan eʼtibor tobora ortib, sportchi yoshlar soni koʻpayib bormoqda. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi, Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Biz chempion” shiori ostidagi “Mega sport” loyihasi ham ana shunday eʼtibor namunasi.

Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat boshqarmasida oʻtkazilgan loyihada Jizzax viloyatidagi oʻrta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan oʻquvchilardan iborat sakkizta jamoa bellashishdi.

Jamoalar oltita shart asosida kuch sinashishdi. Ishtirokchilar toʻsiqlar ustidan jamoaviy oʻtish, mikroavtobusni belgilangan joyga jamoa bilan tortib oʻtish, qopda sakrash, yugurish, toʻsiqlar ostidan jamoaviy oʻtish kabi shartlarini mohirlik bilan bajardilar.

Mazkur musobaqa yoshlarni sportga ommaviy ravishda jalb qilish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yoshlarning oʻzaro madaniy-sport aloqalarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.

– Bu kabi sport musobaqalari bizni sogʻlom va epchil boʻlishga undaydi, – deydi Jizzax tuman maishiy va iqtisodiyot kollejining “Milliy gvardiya” jamoasi aʼzosi Sirojiddin Hayitboyev. – Bugun musobaqa bahonasida koʻplab doʻstlar orttirdik, tajriba toʻpladik. Keyingi bahslarda ham faol ishtirok etamiz.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, Sharof Rashidov tumanida joylashgan Jizzax tuman maishiy va iqtisodiyot kollejining “Milliy gvardiya” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bellashuv g‘oliblari hamda ishtirokchilari estalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.