O‘quvchi yoshlar armiya hayoti bilan tanishdilar

Armiya har bir davlatning qudrati va harbiy salohiyatini namoyon qiluvchi asosiy kuchidir. Vatan himoyasida xizmat qilib kelayotganlarning ham koʻpchiligini yoshlar tashkil etadi.

Oʻquvchi yoshlarni milliy gʻoya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida kuni kecha Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 2-umumtaʼlim maktabida “Armiya yoshlar nigohida” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy, koʻrgazmali seminar tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.

Mazkur seminar o‘quvchilarning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish, qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib boʻlish tuygʻusini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga boʻlgan ishonchni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarda harbiy chiqishlar hamda qurol koʻrgazmalari namoyish etildi. Oʻquvchilar esa jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan sahna koʻrinishlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga harbiylar tomonidan diplomlar hamda estalik sovg‘alar taqdim etildi.