Navoiy viloyatida “Biz siz bilan birga” loyihasi o‘tkazildi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Navoiy viloyatining barcha tuman, shaharlarida sanaga bagʻishlangan madaniy dasturlar, sport musobaqalari tashkil etildi.

Shuningdek, Uchquduq tuman Kengashi tomonidan “Yoʻlchilar” ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi 1999-yilda tugʻilgan imkoniyati cheklangan Dauren Apizovga nogironlik aravachasi topshirildi. Boquvchisini yo‘qotgan yoshlarga qishki kiyimlar berildi.

Nurota tumanida esa bayram dasturxoni yozilib, imkoniyati cheklangan yoshlar va ularning ota-onalari taklif etildi. Imkoniyati cheklangan a’zolardan iborat oilalarga esa uy-roʻzgʻor buyumlari tarqatildi.

Bundan tashqari, “Uyma-uy” loyihasi doirasida Karmana tumani hamda Navoiy shahri MFYda yashovchi nogironligi boʻlgan oila farzandlari holidan xabar olindi hamda ularga viloyat Kengashi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, maktab sumkalari, issiq kiyimlar taqdim etildi.