"O’zbekiston belgisi" ko’krak nishoni 41 nafar yoshlar ko’ksida

Bugun Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonini topshirish tantanali marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda O’zbekiston yoshlar ittifoqi, O’zbekiston Respublikasi xalq ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi vakillari davlat va jamoat arboblari, vazirlik, idora va muassasalarning mutasaddi rahbarlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari va faollari, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sovrindorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

—2003-yildan boshlab “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan yoshlar soni 551 nafarni tashkil etdi. Mazkur koʻkrak nishoni sohibi boʻlish ishtiyoqidagi yoshlarning soni yildan-yilga ortib borayotganligini 2018-yilda tanlov Komissiyasiga mingga yaqin yoshlar hujjati kelib tushganligidan bilishimiz mumkin, – deydi Yoshlar yetakchisi Qahramon Quranboyev. — Bu galgi taqdirlash avvalgilaridan farqli oʻlaroq oʻzining mehnatsevarligi, fidoyiligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi obroʻsini xalqaro darajada yuksaltirishga qoʻshgan alohida hissasi uchun chet el fuqarolari ya’ni Rossiya va Xitoyagi hamkorlarimiz taqdirlanadilar.

Ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sanʼat va jurnalistika, sport, qishloq xoʻjaligi hamda kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan, ilmiy-ijodiy faoliyati orqali yuksak natijalarga erishayotgan 41 nafar yoshlarga sohalarning faxrli vakillari tomonidan “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni topshirildi.
“O’zbekiston belgisi” ko’krak nishoni sohiblarini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov qutladi. Respubllika “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqarma raisi – Shavkat Javlonov, Respublika Xalq ta’lim vazirligi vaziri – Sherzod Shermatov, Respublika Madaniyat vazirining birinchi o’rinbosari – Ozodbek Nazarbekovlar “O’zbekiston belgisi” ko’krak nishonlarini tantanali ravishda o’z egalariga topshirdilar.

Gʻoliblardan biri Umidjon Hasanov bugungi quvonchli kunning taassurotlari bilan boʻlishdi:

— Vatan himoyasi uchun har birimiz masʼulmiz. Shaxsan oʻzim Oʻzbekiston Milliy gvardiyasida xizmat qilaman. Kamtarona xizmatimizni yuqori baholab, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoniga loyiq topishgani mening misolimda tizimimizdagi yoshlarning ham yutugʻidir, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash boshqarmasi katta ofitseri Umidjon Hasanov. — Hozirgi paytda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurolli kuchlar tizimida yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilotlari tuzildi. Bu tashkilotlar nafaqat Oʻzbekiston yoshlari, balki, harbiylarimiz uchun ham gʻoyat muhimdir. Qurolli kuchlarimizda xizmat qilayotgan mard, jasur, yoshlarni yagona bir maqsad — Vatan ravnaqi yoʻlida birlashtirish asosiy vazifamizga kiradi. Aytish kerak, Milliy gvardiya tizimida hozirgi paytda 27 ta boshlangʻich tashkilot tuzilgan boʻlib, ularga 4 ming 930 nafar boshlangʻich tashkilot aʼzosi sifatida qabul qilingan. Kelajakda aʼzolarimizni yanada koʻpaytirish maqsad qilganmiz.

Bugungi quvonchli kunda “Rossiya yoshlar ittifoqi” Umumrossiya jamoat tashkiloti raisi oʻrinbosari Seliverstova Tatyana Igorevna hamda “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi ijrochi prezidenti Lyu Silarning alohida faoliyati ham mazkur mukofotga munosib deb topildi.

Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan yoshlarimiz hamda xorijiy mehmonlar davlatimiz rahbariga yurtimizda yoshlar kamoloti yoʻlida koʻrsatayotgan doimiy eʼtibori va gʻamxoʻrligi uchun minnatdorlik bildirib, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi, davlatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarimizni yanada rivojlantirish yoʻlida astoydil xizmat qilishlarini alohida taʼkidlashdi.