Germaniya delegatsiyasi kutib olindi

Germaniya Federativ Respublikasining Texnik yordam agentligi (THW-Jugend) delegatsiyasi Oʻzbekistonda yoshlar turizmi rivojiga hissa qoʻshish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. Missiya 13 -dekabrga qadar davom etadi.

Ilk kuni xorijiy tashkilotning toʻrt nafar xodimi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida boʻldi. Shuningdek, Chilonzor tumanidagi Yoshlar kovorking markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, THW-Jugend olmon yoshlarining koʻngilli uyushmasi sanaladi. Uning 15 ming nafarga yaqin aʼzosi mavjud. Yigit-qizlar uchun favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam koʻrsatish va qutqaruv faoliyatiga doir turli mashgʻulotlar olib boriladi. Tashkilot yoshlar bandligini taʼminlashga ham salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.

— Turli shaharlar, oromgohlarda yoshlar uchun sayyor yigʻilish va seminarlar, targʻibot tadbirlarini oʻtkazamiz, — deydi delegatsiya aʼzosi Shmit Yonas Kristof. — Xalqaro miqyosdagi musobaqamiz ham bor.

Tashrif doirasida THW-Jugend vakillari Samarqand va Buxoroga ham sayohat qilib, Oʻzbekiston Res­publikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bosh­qarmalari, qolaversa, namunali xizmat qilayotgan “Xavfsiz hudud posbonlari” faoliyatini oʻrganadi. Shu bilan birga, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da sport musobaqalarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Manba:"Yoshlar ovozi" gazetasi