2019-yilda chet elda malaka oshirishga yuboriladigan yosh fermerlar soni yanada ortadi

Bugun, 5-dekabr kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi “Yoshlar press klubi”da “Xorijiy hamkorlik: Yosh fermerlar faoliyatiga zamonaviy texnika va texnologiyalar joriy etishning istiqbollari” mavzusida Oʻzbekiston yosh fermerlari kengashi hamda qator xalqaro tashkilotlar: Turkiya xalqaro hamkorlik agentligi (TICA), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OSCE) ning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonda fermerlik sohasi va yosh fermerlar faoliyatiga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.  Uchrashuvda 100 ga yaqin yosh fermerlar, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ishtirok etdi. Tadbirda hamkor tashkilot vakillari, shuningdek, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlarda malaka oshirib qaytgan yoshlar oʻz tajribalari borasida taqdimotlarini namoyish qildi.

Maʼlumki, agrar sohani mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, agrar tarmoqqa rivojlangan xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini jalb qilish, yangi innovatsion texnika va texnologiyalarni joriy etish davr talabi hisoblanadi. Mazkur masalalarni bajarishda, bevosita mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy hamkor tashkilotlarning vakolatxonalari bilan mustahkam aloqalarni oʻrnatish, hamkorlikda aniq maqsadli loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.


Bu borada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va tashkilot qoshidagi Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirildi.

Jumladan, 2018-yil davomida Turkiya xalqaro hamkorlik agentligi (TICA) ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Ali Ehsan Chagʻlar bilan 10 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida Lalmi va togʻ oldi hududlarda yongʻoqzorlar barpo etish, suv taʼminoti qiyin hududlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, ona asalari yetishtirish va asalarichilikni rivojlantirish loyihalari ishlab chiqildi.

Shuningdek, hamkorlikda qator tadbirlar (2 ta konferensiya, davra suhbatlari) tashkil etilib, tavsiyalar ishlab chiqildi. Turkiya davlatida tashkil etilgan tajriba almashish tadbirlari va koʻrgazmalarda 20 ga yaqin yosh fermerlar hamda Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi xodimlari Turkiya davlatida malaka oshirib qaytdilar.  Yana bir hamkor tashkilot boʻlgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan joriy yilda samarali ishlar tashkil etildi.

JICA bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda fermerlik harakatini rivojlantirish” va “Qishloq xoʻjaligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish” loyihalari doirasida 8 nafar yosh fermerlarimiz Yaponiya davlatida tashkil etilgan oʻquv kurslarida ishtirok etishga erishdilar. Ayni paytda tumanlarda tashkil etilgan “Yosh fermerlar muloqot klubi” loyihasi doirasida Yaponiyada malaka oshirgan fermerlarimiz oʻz tengdoshlariga Yaponiya tajribasini oʻrgatmoqda.

Qishloq xoʻjaligida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish juda muhim hisoblanadi. Joriy yilda ushbu masalada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OSCE) ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va tashkilot qoshidagi Oʻzbekiston yosh fermerlari kengashi hamda hamkor tashkilotlar kelgusi yilda ishlanadigan hamkorlik loyihalari boʻyicha kelishib oldilar.