Jizzaxda ichki turizmni rivojlantirishga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi

Turizm har bir mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida va madaniy merosini dunyo hamjamiyatiga tanitishda alohida oʻrin tutadi.

Mamlakatimizda ham turizm sohasiga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda amaliy seminarlar oʻtkazilib, qaror mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi, Turizmni rivojlantirish Davlat Qoʻmitasi Jizzax viloyat boshqarmasi, “Yangi hayot” viloyat yoshlar sayyohlik maʼrifat markazi bilan hamkorlikda Sharof Rashidov tumanida joylashgan taʼlim muassasalari Boshlangʻich tashkilot yetakchilari hamda 45 nafar yoshlar ishtirokida Uchtepa qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejida “Ichki turizm – ichki rivojlanish omili” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlim muassasalari Boshlangʻich tashkilot yetakchilari oʻrtasida ichki turizmni yanada rivojlantirish va oʻquvchi-yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, viloyatning turistik salohiyatini yanada kuchaytirishga munosib hissa qoʻshish bilan bir qatorda yoshlar oʻrtasida ichki turizmni keng targʻib qilishdan iborat bo'ldi.

Davra suhbati davomida “Yangi hayot” viloyat yoshlar sayyohlik maʼrifat markazi rahbari Abdurashid Sharipov tomonidan ichki turizm borasida Jizzax viloyatining salohiyati yuqori ekanligi, uning tabiati, hayvonot dunyosi, muqaddas qadamjolari hamda ziyoratgohlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi. Hamda davlatimizda turizmni rivojlantirish va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratilayotganligi taʼkidlandi.

– Davra suhbatimiz ajoyib va qiziqarli boʻldi. Toʻgʻrisi, viloyatimizdagi sanoqli ziyoratgohlarni bilar edim. Bugun Jizzaxda ziyoratgoh va muqaddas qadamjolar soni va sayohat uyushtirish uchun moʻljallangan joylarning anchagina koʻp ekanligini bilib oldim. Oʻquvchilarim bilan darsdan tashqari paytlarda sayohat uyushtirish uchun reja ham tuzib oldim,-deydi Sharof Rashidov tumanidagi 32-sonli maktabning yoshlar yetakchisi Orziqul Egamberdiyev.