Navoiylik oʻquvchi Xitoyda oʻsadigan "Godji" mevali oʻsimligini oʻz tomorqasida oʻstirishga erishdi

Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi 10-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sharofiddin Bobomurodov "Tibet barbarasi", "Xitoy derazasi" kabi nomlar bilan maʼlum boʻlgan "Godji" mevali oʻsimligini oʻz tomorqasida yetishtirishga erishdi.

Oʻsimlik iqlim sharoiti tufayli Xitoyning Tibetida oʻsadi.

-Tomorqamizda 3 sotixli issiqxonam bor. Issiqxonada limon, papaya, mandarin kabi mevalarni yetishtiraman. Darsdan boʻsh vaqtlarim asosan shu issiqxonada oʻtadi. Anchadan beri "Godji" mevali oʻsimligini Oʻzbekistonda yetishtirishga qiziqib kelardim. Ushbu mevani tomorqamda yetishtirish uchun internet tarmogʻi orqali buyurtma berdim va ikki oy deganda qabul qildim. Hozirgi kunga kelib, mevani koʻpaytirib, niholi va quritilgan mevasini bozorga sotish uchun tayyor qilib qoʻydim. Oilam daromadiga ham yana qoʻshimcha foyda boʻldi, – deydi oʻquvchi Sharofiddin Bobomurodov.

Maʼlumot uchun, "Godji" mevali oʻsimligi tarkibida saraton kasalligining oldini oluvchi mineral modda mavjud boʻlib, u tabiatda juda kamyob hisoblanadi.