Xorazmda yosh fermerlar uchun muloqot: Ularni eksport masalasi qiynamoqda

Shu yilning 6-noyabr kuni Xorazm viloyatida Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi hududiy boʻlimi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida yosh fermerlar tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportiga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida “Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, logistika va eksportni tashkil qilish” mavzusida muloqot tashkil etildi.

Mazkur tadbirda meva-sabzavot yetishtirishning viloyatdagi bugungi holati, yosh fermerlarning ushbu jarayondagi ishtiroki muhokama qilindi.

Unda Xorazm viloyati hokimligi, Oliy Majlisi Senatining agrar va suv masalalari qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi mutaxassislari, tajribali fermer xoʻjaligi rahbarlari hamda 100 dan ortiq yosh fermerlar ishtirok etishdi.

Muloqotda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishning Respublikadagi, xususan, Xorazm viloyatidagi bugungi holati masalasi tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, joriy yilning oʻzida koʻplab dehqonlar yetishtirgan mahsulotlari, ayniqsa, achchiq qalampir, piyoz, sarimsoq piyoz, loviya, mosh eksporti boʻyicha muammolar haligacha oʻz yechimini topmagani mutaxassislar tomonidan qayd etildi.

Jumladan, statistik maʼlumotlarga koʻra, respublikada yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining 2017-yilda atigi 8 foizi eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 10 foizni tashkil etdi xolos.

Muloqot davomida viloyatning yosh fermerlari ham eksport masalasida uchrayotgan muammolar haqida soha masʼullari hamda mutaxassislariga turli savollar bilan murojaat qilishdi.

Muloqot yakunida masʼullar yosh fermerlar tomonidan bildirilgan muammo va kamchiliklarni hal qilish boʻyicha ularga amaliy koʻmak berishga kelishib olishdi.