Indira Xoldorova Samarqanddagi mehribonlik uyi bolalari bilan uchrashdi

Respublikamiz bo‘ylab "Kamalak" bolalar tashkiloti tomonidan “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostida Sardorlar Kengashi saylovi o‘tkazilmoqda. 

Jumladan, Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat Sardorlar Kengashi a’zolari saylovi tashkil etildi. Unda 16 ta tuman shaharlardan Sardorlar Kengashlari yig‘ilib, viloyatning 14 ta yo‘nalish sardorlari ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

2021/2022-o‘quv yilida ushbu sardorlar tomonidan mazkur viloyat Sardorlar Kengashi faoliyati muvofiqlashtiriladi. Sardorlar saylovi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar, faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Kamalak" bolalar tashkiloti raisi Indira Xoldorova Samarqand viloyat Sardorlar Kengashi a’zolari saylovi doirasida 1-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi. Beg‘ubor va tashabbuskor bolalar bilan bo‘lib o‘tgan quvnoq va samimiy suhbatda ularning fikrlari va takliflari tinglandi. 

Muloqotdan so‘ng, tarbiyalanuvchilarga  Samarqandda tashkil etilgan “Sardorlar maktabi”da o‘qish imkoniyati yaratildi.  Shuningdek,  mehribonlik uyidagi Sardorlar Kengashi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun ham amaliy ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi.