Samarqand davlat universitetining 150 nafar yosh targ‘ibotchilar guruhi shakllantirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlariga ham oz kunlar qolmoqda. Bugunga qadar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘plab turli tashviqot ishlari, muhim mavzularga bag‘ishlangan tadbir va uchrashuvlarning guvohi bo‘lyapmiz. Mamlakatimizning barcha hududlarida saylovga doir masalalar keng yoritilyapti.

Samarqand shahrida "Yosh saylovchi - 2021" targ‘ibot aksiyasi doirasida Samarqand davlat universitetining 150 nafar yosh targ‘ibotchilar guruhi shakllantirildi. Ular ilk bor, seminar-treninglar uyushtirib, mazkur universitet talabalaridan tushayotgan savol va takliflarni tinglashib, o‘zlarining fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlaridan ko‘zlangan asosiy maqsadlar hamda amaliy ishlarning qisqacha tafsilotlari yuqoridagi uchrashuvlarning bosh mavzularidir. Targ‘ibotchilar saylov to‘g‘risida yig‘ilganlarga tushunchalar berish bilan bir qatorda, o‘zlarining bilimlarini yana bir karra mustahkamlab olishdi. Negaki, ko‘pchilik talabalarning saylovga oid fikrlari ancha teranligiga guvoh bo‘lishdi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida targ‘ibotchi yoshlar qishloq va mahallalarda, korxona va tashkilotlarda tengdoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Unda Prezident saylovining muhim siyosiy jarayon ekanligi, bu haqda zarur tushunchalarga ega bo‘lish kerakligi to‘g‘risida tavsiyalar berildi.

Saylov yoshiga yetgan yoki hali yetmagan yoshlarda saylov borasida ko‘nikmalar paydo qilish, ularni to‘g‘ri shakllantirish orqali nafaqat prezidentlik, balki deputatlik saylovlarida ham faol ishtirok etish targ‘ib etildi.