Surxondaryolik yoshlar o‘z kelajagi uchun ovoz beradi

Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasida joriy yilning 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonda ilk marta ishtirok etadigan yigit-qizlar uchun “Yoshlarning siyosiy bilimi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish” shiori ostidagi aksiya doirasida seminar tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ulug‘bek Choriyev saylovlarning jamiyat rivojidagi o‘rni, mamlakatimizda muhim bu jarayonni ochiq, oshkora va umume’tirof etilgan tamoyillar asosida o‘tkazishning ahamiyati, saylash huquqi xususida atroflicha ma’lumot berdi.

Seminar-trening mashg‘ulotlarida Termiz shahridagi 7-va 3-maktablar yetakchilari Akmal G‘affarov va To‘xtamish Jabbarovlar Saylov kodeksi asosida joriy yilda ilk marta o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining mazmun-mohiyati haqida fikr yuritdi.

Bo‘lajak saylovda Surxondaryo viloyatida 41 mingdan ortiq yigit-qiz ilk marta mamlakatimiz kelajagi va obod, osuda hayot uchun ovoz beradi. Yoshlar ittifoqi ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Bu jarayonda vohaning barcha hududlarida “Yoshlarning siyosiy bilimi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” shiori ostidagi aksiya daoirasida tashkil etilayotgan tadbirlar ahamiyatli bo‘lmoqda. Seminarda ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari to‘plami, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos hususiyatlari, saylov qonunchililiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Mashg‘ulotlarda faol qatnashgan yoshlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi va matbuot xizmati faoliyati hamda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.