Bosh prokuror qibraylik yoshlar va nuroniylar bilan uchrashdi

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Qibray tumanidagi ko‘zi ojizlar kutubxonasiga tashrif buyurib, bu yerda yosh kitobxonlar bilan muloqot qildi. Ushbu kutubxona mahalliy yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Bu yerda 3 mingga yaqin badiiy adabiyotlar, ikki yuzga yaqin brayl alifbosida yozilgan kitoblar mavjud.

Suhbat chog‘ida yoshlar kitobga mehr qo‘yishgani, kelajakdagi orzulari haqida so‘zlab berdi. Shu bilan birga shoirlarning she’rlaridan parchalar o‘qishdi. Bosh prokuror kutubxona fondi uchun badiiy adabiyotlar to‘plamlari bilan birga yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirdi. Muloqotlar tuman markazidagi “Billur” to‘yxonasida davom etdi.

Tadbirda Toshkent viloyatidagi davlat va jamoat arboblari, turli tarmoqlarda mehnat qilayotgan turfa millat vakillari, o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan yoshlar bir dasturxon atrofida jamlandi. Uchrashuvni kirish so‘zi bilan ochgan N.Yo‘ldoshev nuroniylarimizning boy tajribasi, o‘rta avlod vakillarining iroda va mehnati, yosh avlodning shijoat va g‘ayrati birgalikda katta kuch bo‘lishi, uch avlodning mamlakatimiz taraqqiyoti, bugungi istiqbolida o‘rnini alohida e’tirof etdi. Avlodlar muloqoti va hamkorligi jamiyat barqarorligi va ravnaqida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Uch avlod vakillari bir piyola choy ustida o‘zaro fikr almashdi. Tadbir san’at ustalarining gala konserti bilan davom etdi. San’atkorlarning Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchada iliq taassurot qoldirdi. Albatta, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada chuqur singdirishiga, urush va mehnat faxriylarining hayot maktabi bilan yaqindan tanishishga xizmat qiladi.

El-yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan uch avlod vakillaridan bir guruhiga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari topshirildi.